15 qadam

Nov 29, 2024

Piyodalar yo’lagidan ketyapman. 15 qadam tejash uchun chimni ustidan yurib tashlashgan. Tuproqli, qisqaroq yo’lak paydo bo’lib qolgan.

Uzun yo’ldan to’g’ri yurish yoki kesib chiqish, qisqartirish.

Shu tanlov doim oldimizdan chiqaveradi:

Ilm, tajriba orttirib, loyiq holda ishga kirish yoki qo’ng’iroq va iltimoslarni ishlatish.

Chuqur, tizimli, ustoz bilan ilm olish yoki videoda eshitganimizni ilm deb yurish.

Mutaxassis bo’lib, ustimizda ishlab, vaqt o’tib yaxshi pul topish yoki tez pul olib keladigan “тема”larni qidirib yurish.

Kasbimizni aniqlab, yo’nalish tanlab, tayyorlanib imtihonli universitetlarga topshirish yoki diplom “sotadigan” universitetlarga borish.

Qisqa yo’l o’ziga rom qiladi. “Meni tanla” deydi. Chimni ustidan kesib o’tganlar biladi, qisqa yo’l oyoqni chang yoki loy qiladi.

Qiyin bo’lsa ham uzun yo’lni tanlaganlar biladi:

Yetib borish yoki g’oliblik maqsad emas.

Yo’lni o’zi maqsad bo’ladi.

6